Oʻzbekistonda robototexnika va mikroelektronikani rivojlantirish dasturlari tayyorlanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki hafta ichida robototexnika boʻyicha qaror loyihasini, 1 martgacha esa asbobsozlik va elektronikani qoʻllab-quvvatlash dasturini ishlab chiqishni topshirdi.

Mirziyoyev elektrotexnika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuvda Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markazi tashkil etilishini maʼlum qildi. Uning ishtirokchilari uchun keng imtiyozlar koʻzda tutiladi.
Prezident, shuningdek, tadqiqotchilarni sanoat korxonalari bilan bogʻlashi kerak boʻlgan «Yangi sanoat» platformasini eʼlon qildi. 1 maygacha har bir hududda bittadan texnopark yoki tadqiqot va ishlanmalar markazini (R&D) moslashtirish rejalashtirilmoqda. Ular negizida mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish hamda yirik kompaniyalarning kichik biznes bilan kooperatsiyasi uchun maydonchalar yaratiladi.
Kelgusi uch yilda elektrotexnika va unga yondosh yangi tarmoqlarda umumiy qiymati 11,6 mlrd dollar boʻlgan 164 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Elektron komponentlar va mikroelektronikada 3,5 mlrd dollarlik 21 ta tashabbus, sanoat robototexnikasi va asbobsozlikda 3 mlrd dollarlik 45 ta loyiha, kabel sanoatida esa 2,5 mlrd dollarlik 41 ta loyiha koʻzda tutilgan.
Yana 1,4 mlrd dollarlik 29 ta loyiha transformatorlar va nasoslar ishlab chiqarishga, 650 mln dollarlik toʻqqizta loyiha transport uchun elektrotexnikaga, 600 mln dollarlik 19 ta loyiha esa maishiy texnikaga tegishli. Yoʻnalishlarga masʼul rahbarlar va asosiy buyurtmachilar biriktiriladi. Ularga tayanch investorlarni jalb etish hamda ilmiy markazlar va texnika oliygohlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Yana oʻqing

Oq uy tarmogʻining IP-manzillari pullik proksi xizmatlarida aniqlandi
Fan va texnologiya6-noyabr, 15:56
OpenAIʼning sunʼiy intellekt agentlari Linuxʼda root huquqini olishning 948 usulini topdi
Fan va texnologiya6-noyabr, 15:30
