46-hafta · 2026Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Oʻzbekiston

IIV Oʻzbekiston aholisiga gaz va koʻmir yetkazib berilishini nazorat qilishni kuchaytiradi

Oktabr oyida mamlakatda suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va sotish bilan bogʻliq 374 ta holat aniqlandi. IIV yoqilgʻining aholiga yetkazib berilishini nazorat qilishni kuchaytirish, kam yetkazib berish hamda asossiz haq undirish holatlarining oldini olishni rejalashtirmoqda

6-noyabr, 18:13По-русски

Read in English

Oʻzbekiston IIV turar joylar va ijtimoiy muassasalarga koʻmir, tabiiy gaz hamda suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berilishini nazorat qilishni kuchaytiradi. Bu masalalar ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda koʻrib chiqildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

IIV maʼlumotlariga koʻra, oktabr oyida suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va sotish bilan bogʻliq 374 ta holat aniqlandi. 9139 ta gaz balloni va 92,9 tonna yoqilgʻi olib qoʻyildi. Vazirlik ularni isteʼmolchilarga qaytarish choralari koʻrilayotganini maʼlum qildi. Vazirlikning taʼkidlashicha, koʻplab holatlarda oʻgʻirliklarga gaz taʼminoti korxonalari xodimlari aloqador boʻlgan.

Shu davrda koʻmirni noqonuniy saqlash va sotish bilan bogʻliq 16 ta holat aniqlandi. Muomaladan 333,54 tonna mahsulot olib qoʻyilib, keyinchalik aholi ehtiyojlari uchun topshirildi.

Yigʻilishda gaz ballonlarini belgilangan jadval asosida yetkazib berish, yoqilgʻini tashish va taqsimlashni shaffof hisobga olishni taʼminlash, shuningdek, asossiz haq undirishga yoʻl qoʻymaslik vazifasi qoʻyildi.

Kam yetkazib berish, amalda ajratilgan yoqilgʻi hajmlari bilan hisobot maʼlumotlari oʻrtasidagi tafovutlar, shuningdek, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlari boʻyicha tekshiruvlar kuchaytiriladi.

IIV «Hududgaztaʼminot» va Transport vazirligi bilan birgalikda tashish yoʻnalishlari hamda harakat xavfsizligini nazorat qiladi. Shuningdek, gaz toʻldirish shoxobchalari, omborlar va taqsimlash bazalarini qoʻriqlashni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Yana oʻqing