Mirziyoyev Buxoroning 2027-yilgi tadbirlarga tayyorgarligini muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev Buxoroning 2027-yilgi xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik rejalarini koʻrib chiqdi va neft-kimyo sohasi obyektlariga tashrif buyurdi.

Tayyorgarlik dasturiga transport, turizm va shahar infratuzilmasini yangilash, xavfsizlikni oshirish hamda xizmatlarni rivojlantirish kiradi. Rejalashtirilgan loyihalar qatoridan xalqaro aeroport, shaharga olib boruvchi avtomobil yoʻli, vokzallarni obodonlashtirish va jamoat transportini yangilash oʻrin olgan. Prezident yaratilgan obyektlar tadbirlardan keyin ham viloyat aholisi uchun foydali boʻlib qolishi kerakligini taʼkidladi.
Davlat rahbari Buxoro tumanidagi «Tekhnochem» neft-kimyo klasterida boʻldi. Loyihaning navbatdagi bosqichiga 292 million dollar investitsiya talab etiladi va u gaz kondensati hamda naftani qayta ishlash hajmini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, aromatik uglevodorodlar va erituvchilar ishlab chiqarish ham koʻzda tutilgan. Ishlarni 2028-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Mirziyoyev Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qiymati 328 million dollar boʻlgan yangilash rejasini koʻrib chiqdi. Modernizatsiyadan soʻng yillik qayta ishlash hajmi 5 million tonnaga yetishi, ishlab chiqariladigan yuqori oktanli AI-92 va AI-95 benzinlari esa Yevro-5 standartiga mos kelishi kerak.



