Elektrotexnika ishlab chiqarishi «texnologik sakrash» qilishi kerak — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashib, sohani texnologik sakrashga chaqirdi.

Soʻnggi oʻn yilda sohaga $2 mlrd investitsiya kiritildi. Shu davrda yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi va maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar hamda yuqori kuchlanishli transformatorlarni oʻz ichiga olgan 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Bu yil elektrotexnika ishlab chiqarish hajmi 50 trln soʻmga yetdi. Mahsulotlar eksporti 14 baravar oshib, $1,6 mlrdni tashkil etdi. Mirziyoyev sohaning salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini taʼkidlab, uni xomashyo, sanoat va iqtisodiy imkoniyatlar hisobidan rivojlantirishni jadallashtirishni topshirdi.
2036 yilgacha $450 mlrdlik quyosh va shamol elektr stansiyalari, akkumulyator majmualari hamda boshqa obyektlarni qurish rejalashtirilgan. Prezident bahosiga koʻra, bu loyihalar mahalliy elektrotexnika ishlab chiqaruvchilari uchun uzoq muddatli bozorni shakllantiradi.
2030 yilgacha elektr energiyasini saqlash quvvatlarini 4,5 GVtga yetkazish kutilmoqda. Xorijiy hamkorlar akkumulyator tizimlarini qurishda oʻzbek mahsulotlaridan foydalanishga tayyor, biroq mamlakatda ayrim turdagi uskunalar hozircha ishlab chiqarilmaydi. Videokuzatuv tizimlariga talab ortib borayotgani va bu yoʻnalishdagi loyihalar sonini koʻpaytirish zarurligi ham alohida muhokama qilindi.
Yana oʻqing

Mirziyoyev energetika obyektlarini loyihalashda mahalliy institutlar ulushini oshirishni topshirdi
Biznes19:30
Oʻzbekistondagi davlat koʻmagidagi yirik investitsiya loyihalarida mahalliy elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanish majburiy boʻladi
Biznes19:19
