Nitya Raman Los-Anjeles meri saylovida Karen Bassni ortda qoldirib gʻalaba qozondi
Associated Press bahosiga koʻra, shahar kengashi aʼzosi Nitya Raman saylovda gʻalaba qozondi va Los-Anjelesning Janubiy Osiyo kelib chiqishiga ega boʻlgan birinchi meri boʻladi. Uning ustuvor yoʻnalishlari — hamyonbop uy-joy va uysizlarga yordam berish.

Nitya Raman Los-Anjelesning amaldagi meri Karen Bass ustidan gʻalaba qozondi. Associated Press 5-noyabr kuni uni gʻolib deb eʼlon qildi; xabar eʼlon qilingan paytda Raman qariyb 52 foiz ovoz olayotgan edi, deb xabar beradi Al Jazeera.
Hindistonda tugʻilgan 45 yoshli Raman siyosatga kirishidan oldin shaharsozlik bilan shugʻullangan. Uning saylovoldi kampaniyasini “Amerika demokratik sotsialistlari” tashkiloti (DSA) qoʻllab-quvvatladi. Bassni esa Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom, sobiq vitse-prezident Kamala Harris va Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi qoʻlladi.
Raman uy-joydan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shahar xizmatlarini yaxshilash va uysizlarga yordam beradigan tibbiy brigadalar sonini koʻpaytirishga vaʼda bermoqda. Shuningdek, u politsiya rahbarini almashtirish tarafdori ekanini bildirdi. Bunga idoraning federal immigratsiya organlari bilan hamkorligi yuzasidan tugʻilgan savollar sabab boʻlgan.
Avvalroq Raman Bassning qayta saylanishini qoʻllab-quvvatlagan, biroq fevral oyida saylovda oʻzi ishtirok etishga qaror qilgan.
Bass raqibasini tabrikladi va vakolatlarni topshirishni taʼminlashga vaʼda berdi. AQShning aholi soni boʻyicha ikkinchi yirik shahri yangi rahbariyati uy-joy muammolarini hal qilishdan tashqari, Los-Anjelesni 2028-yilgi Olimpiya oʻyinlariga ham tayyorlashi kerak boʻladi.



