Buxoroning qiymati 300 mln dollar boʻlgan yangi aeroportini 2027-yil Mustaqillik bayramiga qadar ochish topshirildi
Buxoroning yangi xalqaro aeroporti va unga olib boruvchi yoʻl 2027-yil Mustaqillik bayramiga qadar foydalanishga topshirilishi kerak. Bunday vazifani Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qoʻydi.

Buxoroda boʻlib oʻtgan yigʻilishda yangi aeroport qurish rejalari koʻrib chiqildi. Aeroport shahar markazi bilan avtomobil yoʻli va BRT uchun alohida ajratilgan yoʻlak orqali bogʻlanadi.
Pegasus Airlines Buxoroga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyishga tayyorlanmoqda. Kelasi yili masʼul shaxslar Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn bilan muntazam hamda charter qatnovlarini yoʻlga qoʻyishi kerak. Bu yil viloyat 3,5 mln nafar xorijiy sayyohni qabul qilishni koʻzlamoqda, istiqbolda esa bu koʻrsatkichni ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hokimiyat Buxoroning tarixiy majmualarini yagona turistik konsepsiyaga birlashtirmoqchi. Shaharda turizm markazi, kongress-xoll, Hilton va Holiday Inn mehmonxonalari paydo boʻladi; markaziy koʻchalar yangilanib, xiyobonlar obodonlashtiriladi. Buxoro tumanida ham turistik klaster tashkil etish rejalashtirilgan.



