SpaceX uyali aloqani yoʻlga qoʻymoqchi: Starlink signali smartfonga kelishi mumkin
SpaceX 2027 yildan boshlab oʻn minglab Starlink Mobile bazaviy stansiyalarini joylashtirib, 800 MGts diapazonidagi 5G tarmogʻi orqali oddiy smartfonlarga signal uzatishni rejalashtirmoqda.

2027 yilda SpaceX oʻzining yerusti 5G Starlink Mobile tarmogʻini joylashtirishni boshlamoqchi. Loyiha uchun kompaniya Qualcomm bilan koʻp yillik kelishuv tuzdi. Qualcomm kompaniyasining Dragonwing chiplari va dasturiy taʼminoti bazaviy stansiyalarda qoʻllanadi.
SpaceX 800 MGts diapazonidagi chastotalar portfelini sotib olmoqda. Bu maxsus terminal talab qilmasdan oddiy qurilmalarga, jumladan smartfonlarga signal uzatish, shuningdek binolar ichida aloqa taʼminlash imkonini beradi. Hozir Starlink sunʼiy yoʻldosh xizmati yuqori tezlikdagi internetni antennali maxsus terminallar orqali taqdim etadi, ularda sunʼiy yoʻldoshga toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrish liniyasi talab etiladi.
Loyiha faqat smartfon foydalanuvchilariga moʻljallanmagan. Maqsadli qurilmalar qatorida sunʼiy intellektga ega robotlar, yetkazib berish dronlari, qoʻriqlash va qurilish robotlari, shuningdek ishlashi uchun uzluksiz aloqa muhim boʻlgan avtonom transport ham sanalgan.
Kompaniya oʻn minglab bazaviy stansiyalarni joylashtirishi va stadionlar, aeroportlar hamda binolarni oʻz ichiga olgan murakkab obyektlarda qamrovni taʼminlashi kerak. Bundan tashqari, SpaceX savdo, abonentlar bilan hisob-kitob, distribyutsiya va qoʻllab-quvvatlash tizimlarini yaratishi lozim.
Bozorga chiqish uchun SpaceX koʻp milliardlik sarmoyalarni tayyorlamoqda va sunʼiy yoʻldosh infratuzilmasini yerusti 5G tarmogʻi bilan birlashtirishni koʻzlamoqda. Chastotalarni sotib olish haqidagi xabardan soʻng eng yirik telekommunikatsiya operatorlari aksiyalari keskin pasaydi.
Yana oʻqing

Oʻzbekistonda robototexnika va mikroelektronikani rivojlantirish dasturlari tayyorlanadi
Fan va texnologiya15:30
Oq uy tarmogʻining IP-manzillari pullik proksi xizmatlarida aniqlandi
Fan va texnologiya6-noyabr, 15:56
