Boeing fuqarolik aviatsiyasi boʻlinmasida qariyb 2,5 ming ish oʻrnini qisqartiradi
Boeing tijoriy samolyotsozlik boʻlinmasi xodimlarining qariyb 5 foizini — taxminan 2 500 kishini — qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqidagi bildirishnomalar dekabr oyida yuborila boshlaydi.

Boeing Commercial Airplanes boʻlinmasidagi qisqartirishlar tabiiy kamayish va majburiy ishdan boʻshatishlar hisobiga amalga oshiriladi. Boʻlinma bosh direktori Stefani Pope soʻzlariga koʻra, kompaniya ishlab chiqarish hajmini kutganidek tez oshira olmadi va endi shtat sonini ortiqcha deb hisoblamoqda.
Boeing zavodlar va yetkazib beruvchilarga ish jarayonlarini barqarorlashtirish uchun koʻproq vaqt berish maqsadida ishlab chiqarish hajmini oshirish jadvallarini qayta koʻrib chiqmoqda. Jumladan, kompaniya 737 Max ishlab chiqarishini oyiga 47 ta samolyotgacha yetkazishni rejalashtirgan edi, biroq Boeing bosh direktori Kelli Ortberg investorlarga bu jarayon kutilganidan koʻproq vaqt olayotganini aytdi.
Tijoriy samolyotsozlik boʻlinmasi Boeingʻning eng yirik biznesi boʻlib qolmoqda: unda qariyb 50 000 kishi ishlaydi. Boʻlinma oʻtgan chorakda kompaniya tushumining 44 foizini taʼminladi, biroq davrni 697 mln dollar zarar bilan yakunladi. Defense & Space va Global Services boʻlinmalari esa shu davrda foyda koʻrdi.
Kompaniya qisqartirishlar oqibatini yangi ish izlash xizmatlari, ishdan boʻshatilganda toʻlanadigan kompensatsiyalar va xodimlarga yordam dasturi doirasidagi koʻmak orqali yumshatmoqchi ekanini bildirdi. Pope xatida kompaniya xavfsizlik va sifatga eʼtibor berishda davom etishi ham aytilgan.




