Toshkentda qarovsiz hayvonlar va qushlar ommaviy nobud boʻlgani haqidagi xabarlar oʻrganiladi
Uchtepa tumani hokimligi Chilonzor 26-mavzesida qarovsiz hayvonlar va qushlar koʻplab nobud boʻlgani haqidagi xabarlardan soʻng tekshiruv boshladi. Aholi bunga zaharlanish sabab boʻlgan deb taxmin qilmoqda.

Mutaxassislar hududni koʻzdan kechirib, voqea tafsilotlarini aniqlamoqda va nobud boʻlgan hayvonlarni olib tashlamoqda. Tekshiruvga tegishli xizmatlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar jalb etiladi.
Agar qasddan zaharlash holati tasdiqlansa, aybdorlar javobgarlikka tortiladi. Hokimlik ehtimoliy zaharli moddalar odamlar va uy hayvonlari uchun xavf tugʻdirishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Aholidan nobud boʻlgan hayvonlar topilgan joylar va holatga oydinlik kiritishga yordam beradigan boshqa maʼlumotlar haqida xabar berish soʻraldi. Shubhali moddalarga tegmaslik, shuningdek, bolalar va uy hayvonlarini ularga yaqinlashtirmaslik kerak. Vaziyat tuman maʼmuriyati nazoratida qolmoqda.




