Fargʻona viloyatida 350 mln dollarlik quyosh elektr stansiyasi loyihasi tayyorlanmoqda
Oʻzbekiston va Ummonning Voltamp Energy kompaniyasi Fargʻona viloyatida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyasi loyihasini birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuv imzoladi. Loyihaga 350 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda.

Kelishuvni Oʻzbekiston Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Voltamp Energy SAOG hamda mahalliy UET Construction kompaniyasi imzoladi. Hujjat loyihani amalga oshirishga tayyorlashni nazarda tutadi.
Hozirda Voltamp mutaxassislari ajratilgan maydonni oʻrganmoqda va moliyaviy modelni ishlab chiqmoqda. Bu ishlar yakunlangach, kompaniya tijoriy taklifini taqdim etmoqchi. Qurilishni boshlash va stansiyani foydalanishga topshirish muddatlari hozircha maʼlum qilinmagan.
Loyiha ishtirokchilarining hisob-kitoblariga koʻra, stansiya yiliga qariyb 1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Tabiiy gazning yillik tejalishi 250 mln kub metrni tashkil etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Voltamp Texnokabel Group bilan transformatorlar uchun maxsus oʻtkazgichlar ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Yana bir kelishuv Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Nura Group bilan birgalikda yuqori kuchlanishli transformatorlar zavodini qurishga taalluqli.




