«Roskosmos» Oy elektr stansiyasi uchun qoʻnish platformasi ustida ish boshladi
«Roskosmos» ogʻir qoʻnish platformasini unifikatsiya qilish va Oyda kelajakda quriladigan atom elektr stansiyasi uskunalarini joylashtirish ustida ish boshladi. Bu haqda davlat korporatsiyasi rahbari Dmitriy Bakanov maʼlum qildi.

Loyiha doirasida oy yuruvchi apparat hamda zaryadlash va taqsimlash stansiyasi ustida ham ish olib borilmoqda. «Rosatom» va Kurchatov instituti bilan birgalikda mutaxassislar issiqlikni elektr energiyasiga aylantiradigan uskunalarning xizmat muddatini modellashtirmoqda va tajriba bazasini tayyorlamoqda.
Elektr stansiyasi Oy yuzasidagi uskunalarning uzoq vaqt ishlashini taʼminlash uchun kerak. Bakanov tushuntirganidek, Oy tuni taxminan ikki Yer haftasi davom etishi mumkin. Bu vaqtda quyosh panellari yorugʻlik boʻlmagani sababli elektr energiyasi ishlab chiqara olmaydi.
2025-yil dekabrida «Roskosmos» NPO Lavochkina bilan 2036-yilgacha elektr stansiyasini yaratish boʻyicha shartnoma tuzdi. Loyiha kosmik apparatlarni ishlab chiqish, yer usti va parvoz sinovlarini oʻtkazish, shuningdek, Oyda infratuzilmani joylashtirishni oʻz ichiga oladi. Elektr energiyasi bilan Rossiyaning Oy dasturidagi uskunalar hamda Xalqaro ilmiy Oy stansiyasi obyektlarini, jumladan, xorijiy hamkorlar infratuzilmasini taʼminlash rejalashtirilmoqda.
NPO Lavochkina avval eʼlon qilgan rejaga koʻra, stansiyani joylashtirish uchun uchta uchirish talab etiladi. 2033-yilda tajriba apparatini, 2034-yilda infratuzilma apparatini, 2035-yilda esa energiya modulini uchirish rejalashtirilgan.




