IFAB Kanadadagi sinovlardan soʻng «Venger ofsaydi»ni tasdiqlamaydi
«Arsenal»ning sobiq murabbiyi Arsen Venger taklif qilgan va Kanadada sinovdan oʻtkazilgan qoida gollar sonini oshirmadi, aksincha, himoyaning yanada chuqurroq joylashishiga olib keldi. Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) uni qoʻllab-quvvatlamaydi.

Ofsayd talqinining yangi varianti Kanadada sinovdan oʻtkazilmoqda. Bu variantga koʻra, futbolchi boshi, gavdasi va oyoqlari oxirgi himoyachidan toʻliq oldinda boʻlgan taqdirdagina oʻyindan tashqari holatda deb hisoblanadi. Agar tana qismlaridan hech boʻlmaganda biri himoyachi bilan bir chiziqda qolsa, ofsayd qayd etilmaydi.
Sinov shuni koʻrsatdiki, bu qoida jamoalarni koʻproq chuqurroq himoyalanishga majbur qiladi, biroq gollar sonini oshirmaydi. Oʻzgarishni taklif qilgan Venger, mavjud maʼlumotlarga koʻra, tajriba natijalaridan norozi qolgan. IFAB yangilikni qoʻllab-quvvatlamasligi kutilmoqda.




