Eskirgan standartlar Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishiga toʻsqinlik qilmoqda — deputat
Qonunchilik palatasi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariga islohotlar, raqamlashtirish va sohadagi korrupsiyaga qarshi choralar yuzasidan soʻrov yubordi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Ansabxon Zakirovga soʻrovni Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi yubordi. Undan sohadagi davlat boshqaruvini qayta tashkil etish, raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olish va standartlar bazasini yangilash boʻyicha asoslangan tushuntirishlar kutilmoqda. Yana bir band boshqa dolzarb masalalarga tegishli. Toʻrt mavzudan iborat toʻliq roʻyxat majlisda eʼlon qilinmadi.
Deputat Nodira Jonibekovaning aytishicha, tekshiruvlar korrupsiya xavflarini aniqlash va kamaytirish boʻyicha ishlar yetarli emasligini koʻrsatgan, sohada raqamli texnologiyalar esa yetarlicha tez joriy etilmayapti. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda amalda boʻlgan 33 ming standartning qariyb yarmi eskirgan yoki xalqaro talablarga mos kelmaydi.
Jonibekova buni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishiga toʻsqinlik qilayotgan omil deb hisoblaydi. U texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligi aʼzolikning asosiy shartlaridan biri ekanini eslatdi. Majlisda ortiqcha byurokratiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish zarurligi haqida ham gapirildi.
Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish boʻyicha muzokaralari yakuniy bosqichda, biroq Ishchi guruh rahbari Sun Yo Chve bahosiga koʻra, qonunchilikdagi ayrim islohotlar kutilganidan sekinroq ketmoqda. Bozorlarga kirish boʻyicha 34 ta ikki tomonlama protokoldan 31 tasi allaqachon tashkilot kotibiyatiga topshirilgan.




