Oʻzbekistonda sayyohlar uchun qanchalik qulay: mamlakat reytingda 76-oʻrinda
Oʻzbekiston 2026 yil uchun Jahon iqtisodiy forumining turizmni rivojlantirish shartlari reytingida 110 mamlakat orasida 76-oʻrinni egallab, 3,69 ball oldi.

Reyting Jahon iqtisodiy forumining Sayohatlar va turizmni rivojlantirish indeksiga asoslangan. U mamlakatga kelayotgan sayyohlar sonini emas, balki mamlakatda sohani rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi.
Hisob-kitobda xavfsizlik, sogʻliqni saqlash va raqamli texnologiyalar, davlat siyosati va viza rejimi, transport hamda mehmonxona infratuzilmasi, tabiiy va madaniy diqqatga sazovor joylar, shuningdek, turizmning barqarorligi va uning atrof-muhitga taʼsiri hisobga olinadi.
Reytingda Yaponiya yetakchilik qildi. Kuchli uchlikdan AQSh va Ispaniya ham joy oldi. Roʻyxatning yuqori qismida Yevropa mamlakatlari ustunlik qiladi — ularning oʻrinlari bilan bogʻliq omillar qatorida rivojlangan transport tizimi, turizm infratuzilmasi va tarixiy hamda madaniy obyektlarning koʻpligi qayd etilgan.
Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston Qozogʻistondan keyin ikkinchi oʻrinni egalladi. Qirgʻiziston undan pastda joylashdi. Tojikiston va Turkmaniston reytingga kiritilmagan. MDHning boshqa mamlakatlaridan roʻyxatga Ozarbayjon va Armaniston kirdi, Rossiya va Belarusning turizm koʻrsatkichlari esa baholanmadi.
Eng oxirgi oʻrinni Mali egalladi. Ekspertlar taʼkidlashicha, past oʻrinlar sayyohlik diqqatga sazovor joylari yoʻqligini anglatmaydi: natijaga transport infratuzilmasi va investitsiyalarning yetishmasligi, shuningdek, turizm xizmatlari sohasidagi muammolar taʼsir qilishi mumkin.




