Google DeepMind turli hujayra turlarida genlar faoliyatini bashorat qiluvchi sunʼiy intellektni taqdim etdi
AlphaGenome 2 modeli DNKdagi oʻzgarishlar muayyan hujayra turlarida, masalan, yurak mushagi yoki immun tizimi hujayralarida genlar faolligiga qanday taʼsir qilishi mumkinligini bashorat qiladi.

Google DeepMind modelni 11 noyabr kuni taqdim etdi. Avvalgi versiya bir vaqtning oʻzida koʻplab toʻqimalar va hujayra liniyalari uchun prognozlar tuzardi. AlphaGenome 2 esa berilgan hujayra turi yoki holatini hisobga oladi. Bu bir xil genetik variant qaysi hujayra turi yoki holatida gen faolligini oʻzgartirishi mumkinligini baholash imkonini beradi, hatto toʻqima boʻyicha umumiy maʼlumotlarda bunday taʼsirni payqash qiyin boʻlsa ham.
Modelni oʻqitish uchun ishlab chiquvchilar inson va sichqonning 68 turdagi toʻqimasiga mansub alohida hujayralar boʻyicha 107 mln.dan ortiq profilidan foydalangan. DeepMind maʼlumotiga koʻra, model tadqiqotchilar taqdim etgan tajriba natijalaridan foydalanib, oʻqitish maʼlumotlarida boʻlmagan hujayra holatlari uchun ham prognozlar tuza oladi.
Bunday prognozlar kasalliklarni oʻrganishda laboratoriyada tekshirish lozim boʻlgan genetik variantlar doirasini toraytirishga yordam beradi. AlphaGenomeʼning birinchi versiyasi toʻqima darajasidagi prognozlar yetarli boʻlgan keng koʻlamli tadqiqotlar uchun hamon mavjud.
AlphaGenome 2 notijorat tadqiqotlar uchun API orqali taqdim etilgan. Tijoriy tadqiqot loyihalari uchun DeepMind hozircha yopiq dastlabki sinov rejimida foydalanish imkonini bermoqda.




