Andijonda tuman hokimi oʻrinbosari katta pora bilan qoʻlga tushdi
Andijon viloyatida Paxtaobod tumani hokimi oʻrinbosari va kadastr palatasi xodimi yer uchastkasi uchun 100 ming dollar talab qilib, 30 ming dollar olayotganda ushlandi.

Ikki mansabdor shaxs tadbirkorlik bilan shugʻullanishni rejalashtirgan fuqaroga yordam berish uchun xizmat mavqeyidan foydalanishga kelishib olgan. Gap tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 50 sotix yer uchastkasi haqida borgan.
Ular ushbu uchastkani pasaytirilgan narxda onlayn auksion orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirish uchun 100 ming dollar talab qilgan. Summaning bir qismi — 30 ming dollar — vositachi orqali berilgan. Pulni olish vaqtida DXX xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari gumon qilinuvchilar harakatiga chek qoʻygan.
Mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» va «g» bandlari, shuningdek 28-moddasi hamda 211-modda 3-qismining «a» bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.




