Oʻzbekiston va Braziliya agrar sohadagi hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston va Braziliya vakillari 17 noyabr kuni soya yetkazib berish, oʻsimlik moylari ishlab chiqarish va bioyoqilgʻi sohasidagi mumkin boʻlgan hamkorlikni muhokama qildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga Markaziy Osiyo oʻsimlik moyi ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi raisi Oybek Zufarov rahbarlik qildi. Uchrashuvda Hindiston-Braziliya savdo-sanoat palatasi bosh direktori Paulu Enrike de Oliveyra Azevedu, shuningdek, Binatural va Minerva Biodiesel kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Tomonlar Oʻzbekistondagi korxonalarni xomashyo bilan taʼminlash uchun Braziliyadan soya doni import qilish imkoniyatini koʻrib chiqdi. Shuningdek, Braziliya tajribasini oʻrganish va bioyoqilgʻi, jumladan, biodizel ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Yana bir yoʻnalish sifatida yogʻ-moy sanoatini rivojlantirish qayd etildi. Muzokara ishtirokchilari texnologiyalar almashinuvi hamda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini muhokama qildi.




