Samarqand viloyatidagi 400 dan ortiq poliklinika Jahon banki koʻmagida yangilanadi
Jahon banki Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirish uchun 100 mln dollar kredit ajratishni maʼqulladi. SHIFO-1 dasturi qariyb 4,3 mln aholiga ega hududga moʻljallangan boʻlib, oilaviy poliklinikalarni modernizatsiya qilish, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va raqamli xizmatlarni kengaytirishni nazarda tutadi.

Moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarorni Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi qabul qildi. Dasturning umumiy qiymati 525 mln dollarni tashkil etadi: bank krediti mablagʻlaridan tashqari, yana 425 mln dollarni Oʻzbekiston hukumati taqdim etadi.
SHIFO-1 doirasida 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Dastur aholining birlamchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi, shuningdek, surunkali kasalliklarni aniqlash va davolashni yaxshilashi kerak.
Tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish ham alohida yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Aholi salomatligini boshqarish vositalarini joriy etish koʻzda tutilgan boʻlib, ular profilaktik koʻriklar va bemorlarni kuzatishni tashkil etishga yordam beradi. Xususan, qariyb 330 ming nafar katta yoshli kishini yurak-qon tomir kasalliklari xavfi boʻyicha tekshirish rejalashtirilgan. Yana 250 ming nafar bemor davolanish jarayonini kuzatish bilan qamrab olinishi moʻljallangan.
Dastur, shuningdek, 6,4 mingdan ortiq tibbiyot xodimini oʻqitish va sertifikatlashni oʻz ichiga oladi. Ular orasida qariyb 1250 nafar oilaviy shifokor va 5 ming nafar hamshira bor. Mutaxassislarni tayyorlash sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinini yangilashning tarkibiy qismlaridan biriga aylanadi.
SHIFO-1 dasturini Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar amalga oshiradi. Dasturni yakunlash 2028-yil dekabriga moʻljallangan.
Jahon banki loyihadan iqtisodiy samara ham kutmoqda. Uning baholashicha, aholi salomatligining yaxshilanishi va mehnat unumdorligining oshishi 28,8 mingta qoʻshimcha va sifati yuqoriroq ish oʻrniga teng natija berishi mumkin. Bu dasturning iqtisodiyotga umumiy taʼsiri baholanayotganini anglatadi, tibbiyot muassasalariga shuncha xodim ishga olinishi eʼlon qilinganini emas.




