47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston COP31 doirasida energiya samaradorligi va shaharlarni rivojlantirish loyihalarini muhokama qildi

COP31 doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan 8,3 mln dollar hamda 5,5 mln yevrolik yashil loyihalarni muhokama qildi.

15-noyabr, 15:50По-русски

Read in English

BMT Taraqqiyot dasturi va Milliy energiya samaradorligi agentligi bilan qiymati 1,4 mln dollar boʻlgan loyiha muhokama qilindi. U ekologik jihatdan zararli subsidiyalarni qayta yoʻnaltirish, jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish va yashil moliyalashtirishni rivojlantirishni nazarda tutadi. Tomonlar, shuningdek, integratsiyalashgan budjetlashtirish masalasini koʻrib chiqib, hamkorlik toʻgʻrisidagi uch tomonlama hujjatni oʻzaro almashdi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan umumiy qiymati 5,5 mln yevro boʻlgan loyihalar muhokama qilindi. Ular qatoridan hududlarning bosh rejalari, ekologik toza biznes amaliyotlari hamda energiya va resurslar samaradorligini oshirishga qaratilgan pilot tashabbuslar oʻrin olgan. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻzaro almashdi.

Yana bir loyiha qiymati 1 mln dollar boʻlib, u Yashil oʻsish global instituti, Koreyaning Green New Deal Trust Fund jamgʻarmasi va Milliy energiya samaradorligi agentligi bilan birgalikda koʻrib chiqildi. Loyihaning maqsadi Oʻzbekiston sanoatida energiyani tejash salohiyatini baholash hamda iqlimga taʼsirni kamaytirishga qaratilgan, iqtisodiy jihatdan asoslangan mintaqaviy loyihalarni tayyorlashdan iborat.

Fransiya taraqqiyot agentligi va Expertise France bilan qiymati 400 ming dollar boʻlgan «Yashash uchun qulay va samarali shaharlar» dasturi muhokama qilindi. Dastur shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga bagʻishlangan. Muzokaralar yakunida tomonlar dasturni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi uch tomonlama hujjatlarni oʻzaro almashdi.

Delegatsiya, shuningdek, Singapur vakillari bilan Parij kelishuvining 6.2-moddasi boʻyicha hamkorlik, xalqaro uglerod bozori hamda Oʻzbekistonning huquqiy va institutsional bazasini rivojlantirish masalalarini alohida muhokama qildi. Shuningdek, uglerod birliklari savdosi, tajriba almashish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.