Tokioda Toshkent viloyatining investitsiya salohiyatiga bagʻishlangan biznes-forum boʻlib oʻtdi
Yaponiyadagi Oʻzbekiston elchixonasi va Toshkent viloyati hokimligi 30 tadbirkor hamda 200 dan ortiq yapon tashkiloti ishtirokida forum oʻtkazdi. Eksport va investitsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlar tuzildi.

Forumda Toshkent viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari taqdim etildi. Unda viloyat tadbirkorlari, Yaponiya vazirliklari, Vakayama va Nagano prefekturalari vakillari, shuningdek Mitsubishi Corporation, Toyota Tsusho Corporation, Sumitomo Corporation, Chiyoda Corporation, Yokogawa Electric va Meiji Seika Pharma qatnashdi.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 2025-yilda viloyat asosiy kapitaliga qariyb 5,2 mlrd dollar kiritilganini aytdi. 2026-yilda bu koʻrsatkichni 6,3 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Viloyat eksportini 2,1 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollargacha oshirish koʻzda tutilgan. Hududda umumiy qiymati 20 mlrd dollardan ortiq qariyb 70 ta yirik investitsiya loyihasi shakllantirilgan.
Oʻzbekistonning Yaponiyadagi muvaqqat ishlar vakili Ravshanbek Dushchanov mamlakatda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 140 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotganini, qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli esa 12 mlrd dollardan oshganini maʼlum qildi. Forum doirasida B2B va B2G formatlarida 50 dan ortiq uchrashuv oʻtkazildi. Unda mashinasozlik, energetika, ekologiya, farmatsevtika, agrosanoat, raqamli iqtisodiyot va Nurafshonda “aqlli shahar” qurilishi loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. 30 dan ortiq yirik investor Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.
Noritsuisu prezidenti Shogo Aoki Japan Town konsepsiyasini taqdim etdi: qariyb 100 gektar maydonda Yaponiya sifat standartlariga mos infratuzilma yaratish rejalashtirilmoqda. Regeta ijrochi vitse-prezidenti Keizaburo Hiyoshi kompaniyaning oʻzbek hamkorlari orqali Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga chiqish niyatini bildirdi. Aomori Nousan ijrochi direktori Taisei Fujita kompaniya oʻzbek xomashyosidan mahsulot ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgani va AQSH hamda Yevropa bozorlariga chiqishni rejalashtirayotganini aytdi.




