Mask dekabr oyida Tesla egalarining shaxsiy avtomobillarini Robotaxi sinovlariga ulash ehtimolini bildirdi
Tayyorgarlik muvaffaqiyatli kechsa, Tesla egalariga tegishli shaxsiy avtomobillarni Robotaxi tarmogʻida sinovdan oʻtkazishni 2026-yil dekabrida boshlashi mumkin, dedi Ilon Mask.

Tesla rahbari bu haqda X ijtimoiy tarmogʻida Model Y avtomobilidan foydalanadigan Uber haydovchisiga javoban yozdi. Haydovchi avtomobilni oʻzi ishtirok etmagan holda Robotaxiʼda buyurtmalarni bajarishga yuborishni afzal koʻrishini aytdi. Mask sinovlar kelasi oy boshlanishi mumkinligini bildirdi va avtomobillar parkini boshqarish bitta mashinani mustaqil haydashdan koʻra foydaliroq ekanini qoʻshimcha qildi.
Taxminlarga koʻra, avtomobil egalari Tesla platformasi orqali mashinalarini haq evaziga amalga oshiriladigan safarlarga taqdim eta oladi. Shaxsiy avtomobillarni ulash kompaniyaga xizmat avtoparkini kengaytirish imkonini beradi. Dastlabki sinovlar oʻtkazilishi mumkin boʻlgan joylardan biri sifatida Texas shtatidagi Ostin shahri tilga olinmoqda — Robotaxi aynan shu yerda eng uzoq vaqtdan beri ishlamoqda. Biroq Maskning javobida testlar oʻtkaziladigan joy aniqlashtirilmagan.
Ishtirok etish shartlari hozircha oshkor qilinmagan. Model Yʼning qaysi versiyalari sinovlarga qoʻyilishi, qoʻshimcha uskunalar talab etiladimi va safarlardan tushadigan daromad qanday taqsimlanishi nomaʼlum. Mask bayonotida avtomobil egalari uchun arizalar qabul qilish boshlanadigan sana ham koʻrsatilmagan.




