Trampning Gʻazo boʻyicha Tinchlik kengashiga vaʼda qilingan 18 milliard dollar nima boʻldi?
Donorlar Trampning Tinchlik kengashi orqali Gʻazoni tiklash uchun qariyb 18 milliard dollar vaʼda qilgan, biroq oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirganidan bir yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, ishlar boshlanmagan. 280 million dollardan katta qismi oʻzlashtirilmagan.

Tinchlik kengashi donorlarning dastlabki moliyaviy majburiyatlari qariyb 18 milliard dollarga yetganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, qurilishning boshlangʻich bosqichi uchun kengash 280 million dollar soʻragan. Kengash sentyabr oyida bildirganidek, bu mablagʻning katta qismi oʻzlashtirilmay qolgan.
Isroil xalqaro kuchlar yoki tayyorgarlikdan oʻtgan Falastin politsiyasiga Gʻazoga kirib, HAMASni qurolsizlantirishni boshlashga ruxsat bermaguncha, loyihalarni boshlab boʻlmaydi. Isroil oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazib berilishini ham cheklamoqda, vaʼda qilingan koʻchma uylarni oʻtkazmayapti hamda Gʻazoni boshqarish boʻyicha Falastin qoʻmitasining sektor hududiga kirishiga yoʻl qoʻymayapti. Qoʻmita Qohirada faoliyat yuritmoqda.
Oʻt ochishni toʻxtatish kuchga kirganidan beri, Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Isroil kamida 1 658 nafar falastinlikni oʻldirgan, 6 000 kishini yaralagan. Qariyb 1,4 million falastinlik hamon vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda.
Kengashni Donald Tramp Gʻazo boʻyicha reja doirasida taklif qilgan va unga tiklash ishlarini muvofiqlashtirish vakolati berilgan. Uning tarkibiga Oʻzbekiston ham kiradi. Oʻzbekiston moliyaviy majburiyat olganini ham eʼlon qilgan, biroq uning miqdori oshkor etilmagan.
Yana oʻqing

Senatda “Radioaktiv chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi
Siyosat12:47
Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston mavsumiy suv va elektr energiyasi almashinuvini muvofiqlashtiradi
Siyosat10:10

