Germaniya kompaniyasi oʻzbekistonlik hamshiralarga €2000 gacha maosh bilan ish taklif qilmoqda
Bildung & Beruf kompaniyasi Oʻzbekiston fuqarolarini Germaniyada hamshira boʻlib ishlashga taklif qildi. 24 ta oʻrin ochilgan, maosh — qoʻlga €1850–2050.

Vakansiyalar nevrologiya boʻlimida hamda insultdan keyingi bemorlarni parvarish qilish uchun moʻljallangan. Ish haftasi 40 soatni tashkil etadi, mehnat shartnomasi esa kamida 24 oyga yoki muddatsiz tuziladi.
Nomzodlar 42 yoshdan oshmagan boʻlishi, tibbiyot kollejining uch yillik diplomiga va hamshiralik sohasida kamida ikki yillik tajribaga ega boʻlishi kerak. Bu tajribaga nevrologiya hamda insultdan keyingi bemorlarni parvarish qilish boʻyicha ish ham kirishi lozim. Shuningdek, tasdiqlovchi sertifikat bilan kamida B1 darajasidagi nemis tili, smenali ish jadvaliga tayyorlik va qizamiqqa qarshi immunitetni tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.
Tanlov rezyume, videotaqdimot, baholash testi va onlayn suhbat asosida oʻtkaziladi. Kompaniya nemis tilini B1 darajasidan B2 gacha oʻrganish xarajatlarini qoplaydi, Germaniyada diplomni tan oldirish va ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishda yordam beradi.
Xodimlarga mebel bilan jihozlangan turar joy beriladi, ijara haqining bir qismini ish beruvchi oʻz zimmasiga oladi. Shuningdek, tibbiy sugʻurta, baxtsiz hodisalardan sugʻurta hamda tungi smenalar, yakshanba va bayram kunlaridagi ish uchun qoʻshimcha toʻlovlar koʻzda tutilgan. Kompaniya aeroportda kutib olish va transferni tashkil qiladi.
Arizalar 2026-yil 20-noyabrgacha qabul qilinadi. Viza va aviachipta xarajatlarini talabgorlar oʻzlari toʻlaydi; ishga joylashgandan soʻng bu xarajatlarning bir qismini Migratsiya jamgʻarmasi qoplaydi.




