Fed eng yirik sunʼiy intellekt kompaniyalarining balansdan tashqari majburiyatlarini $3 trln dan ortiq deb baholadi
AQSh markaziy banki — Federal zaxira tizimining (Fed) moliyaviy barqarorlik haqidagi noyabr hisobotiga koʻra, eng yirik texnologiya kompaniyalari sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq ijara, xarid va kafolatlar boʻyicha $3 trln dan ortiq majburiyat toʻplagan.

Hisob-kitobga Amazon, Alphabet, Broadcom, Meta, Microsoft, Nvidia va Oracle kiritildi. $1 trln dan ortiq qismi allaqachon imzolangan, biroq hali kuchga kirmagan ijara shartnomalariga toʻgʻri keladi. Yana $2 trln dan ortiq summa kelishilgan hajmlar uchun majburiy toʻlovlar nazarda tutilgan shartnomalar hamda qoldiq qiymat kafolatlariga toʻgʻri keladi. Koʻrsatilgan summalar diskontlanmagan kelajakdagi nominal toʻlovlardan iborat, shu sababli ularni kompaniyalar qarzi bilan bevosita taqqoslab boʻlmaydi.
Bunday kelishuvlar maʼlumotlar markazlarini qurishni moliyalashtirishga yordam beradi. Kredit reytingi yuqori boʻlgan kompaniya quvvatlarni ijaraga olishga yoki loyihani qoʻllab-quvvatlashga vaʼda beradi, loyiha quruvchisi esa ushbu majburiyatdan kredit jalb qilish uchun foydalanadi. Keyinchalik xatarlarning bir qismi investitsiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari va xususiy qarz bozorining boshqa ishtirokchilariga oʻtadi.
Fed boshqaruvchilar kengashi aʼzosi Maykl Barr bunday sxemalarning murakkabligi talab yomonlashganda zararlarni kim koʻtarishini baholashni qiyinlashtirishidan ogohlantirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu noaniqlik investorlarning kayfiyati oʻzgarganda sotuvlar kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Ilgʻor hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish uchun jalb qilinayotgan qarzlar tez surʼatda oshmoqda. 2026-yil oktabriga kelib, bir yil davomida chiqarilgan qarz hajmi $680 mlrd dan oshdi, 2023-yil davomida esa bu koʻrsatkich $130 mlrd ni tashkil etgan. Bunday hisoblash texnologiyalari bilan bogʻliq muomaladagi ommaviy qarzning jami hajmini Fed $1,1 trln dan ortiq deb baholamoqda.
Fortune Nvidia kompaniyasining Ogayo shtatidagi sunʼiy intellekt kampusi loyihasi boʻyicha bergan kafolatlarini misol qilib keltiradi. Ushbu kampusning ijarachisi OpenAIʼga qarashli tuzilma boʻlishi kerak. Muayyan shartlar bajarilganda, Nvidia olinmay qolgan ijara toʻlovlarini qoplash majburiyatini oladi. Dastlabki majburiyatning eng yuqori summasi $105 mlrd ni tashkil etadi, obyektlardan foydalanish esa 2028-yildan boshlanishi kutilmoqda. OpenAI, oʻz navbatida, Nvidia toʻlagan mablagʻlarni qoplash majburiyatini olgan.
Barrning aytishicha, hozircha u bugungi investitsiya jadal oʻsishini taʼminlayotgan qarz hajmini hisobga olgan holda, banklarning bevosita zararlaridan kamroq xavotirda. Shu bilan birga, Fed balansdan tashqari majburiyatlarni diqqat bilan kuzatish zarur deb hisoblaydi: pasayish yuz berganda, texnologiya kompaniyalarining haqiqiy xatarlari ularning balans koʻrsatkichlari taxmin qilayotganidan yuqori boʻlib chiqishi mumkin.




