Oʻzbekistonda bolalarda saratonni erta aniqlash ulushi 28 foizgacha oshdi
Oʻzbekistonda bolalarda saratonni erta aniqlash ulushi 2023-yildagi 23 foizdan 2025-yilda 28 foizga oshdi, dedi SSV vaziri Eldor Adilov. Davolash boshlanishi 10–18 kungacha qisqardi.

Adilovning aytishicha, bolalarni tezroq tashxislash va ixtisoslashtirilgan yordamga yoʻnaltirishga «Yashil yoʻlak» tizimi hamda «Bitta bola — bitta yoʻnalish» raqamli tamoyili yordam bergan. Avval shubha paydo boʻlishidan davolashni boshlashgacha 130–160 kun oʻtardi.
Bir yillik yashab qolish koʻrsatkichlari ham yaxshilandi. Gemoblastozlarda bu koʻrsatkich 17 foizdan 42–43 foizgacha, solid oʻsmalarda esa 37 foizdan 44,5 foizgacha oshdi. Shu bilan birga, onkologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun bepul dori vositalari roʻyxati 89 tadan 194 tagacha kengaytirildi. Oʻsmalarga qarshi dori vositalari bilan taʼminlangan bemorlar ulushi 88 foizga, ayrim yoʻnalishlarda esa 100 foizga yetdi.
Adilov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi amalga oshirilishi natijalarini taqdim etdi. 2030-yilgacha kasalliklarni erta aniqlash darajasini 65 foizga, besh yillik yashab qolish koʻrsatkichini esa kamida 60 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun birlamchi boʻgʻin shifokorlariga xavotirli alomatlarni aniqlash algoritmlari hamda har bir bolaning davolanishini kuzatish imkonini beradigan elektron reyestr joriy etilishi koʻzda tutilgan.
Muhokama yakunida deputatlar strategiya ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishni taklif qildi. Ustuvor yoʻnalishlar qatorida suyak koʻmigi transplantatsiyasi infratuzilmasini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va davolash imkoniyatlarini kengaytirish qayd etildi.




