Banklar va NSA: keng koʻlamli uzilishlarga SI sabab boʻlgan
Banklar va NSA kongressmenlarga uzilishlarga SI aniqlagan zaifliklarni shoshilinch yopishga urinishlar sabab boʻlganini aytdi. Tuzatishlar tizimlarni vaqtincha ortiqcha yukladi.

Yopiq muhokamalardan xabardor uch manbaga koʻra, gap kiberhujum haqida emas. Kompaniyalar va davlat idoralari sunʼiy intellekt modellari himoyadagi koʻplab zaif joylarni aniqlaganidan keyin yangilanishlarni oʻrnatishga shoshildi. Koʻplab tuzatishlarning bir vaqtda oʻrnatilishi tizimlar uchun haddan tashqari yuk boʻldi.
Bir hafta davomida AQShdagi uzilishlar sabab havo qatnovi toʻxtatib turildi, foydalanuvchilar bank hisoblariga kira olmadi, NSAda esa maxfiy aloqa uchun ichki tarmoq ishlamay qoldi. Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 20 000 dan ortiq reysni bekor qildi. Microsoft Outlookdagi uzilishlarni texnik nuqson bilan izohladi, NSA esa ishning vaqtincha yomonlashishiga rejalashtirilgan texnik xizmat sabab boʻlganini bildirdi.
Ichki xavfsizlik vaziri Markveyn Mallin yangi texnologiyalar eskirgan kompyuter tizimlariga yuk tushirib, ularni ortiqcha yuklayotganini aytdi. Uning baholashicha, yangi yechimlar keng tarqalgani sari bunday holatlar takrorlanishi mumkin.
Encode kompaniyasining strategiya boʻyicha direktori Natan Kelvin hujum boʻlmagani qisman umidbaxsh ekanini aytdi, biroq eskirgan dasturiy taʼminotga tayangan hayotiy muhim infratuzilmaning zaifligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, yanada takomillashgan modellar yordamida yangi zaifliklarni izlash davom etadi.




