Izmirda poʻlat zavodidagi portlashda qurbonlar soni 16 nafarga yetdi
Izmirda poʻlat zavodidagi portlashda halok boʻlganlar soni 16 nafarga yetdi, yana 13 kishi jarohatlandi, dedi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan. Tergov boshlandi.

Portlash soat 11:46 atrofida Aliaga tumanidagi HABAŞ zavodida qozon almashtirilayotgan paytda yuz berdi. Izmir gubernatori Sulaymon Elbanning aytishicha, ish vaqtida koʻprikli kran qulagan, uning yuki elektr yoy pechi hududiga tushgan va shundan soʻng portlash sodir boʻlgan.
Hodisadan keyin korxonada yongʻin chiqdi, qutqaruvchilar uni allaqachon oʻchirdi. Voqea joyida AFAD boʻlinmalari, oʻt oʻchiruvchilar va politsiya ishlamoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlariga qoʻshni tumanlar hamda Manisadan kelgan guruhlar ham jalb etildi.
Elban qozon almashtirilayotgan paytda uchastkada qariyb 200 kishi boʻlganini bildirdi. Ishlab chiqarish oʻsha vaqtda olib borilmagani uchun bu odatdagi ishchilar sonidan kam edi. Uning soʻzlariga koʻra, gubernator bayonot bergan paytda vayronalar ostida yana toʻrt kishi qolgan boʻlishi mumkin edi, shu sababli qidiruvlar davom etgan. Jarohatlanganlarning bir qismi Izmir shifoxonalariga yetkazildi, bir kishi esa vertolyotda Izmir shahar shifoxonasiga olib borildi.
Hodisa holatlari boʻyicha tergovni prokuratura, vazirliklar va mahalliy hokimiyat organlari olib bormoqda. Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchining topshirigʻiga koʻra, tekshiruvga maʼmuriy idoraning ikki bosh inspektori jalb qilindi. HABAŞ kompaniyasi avariya sabablarini aniqlash uchun davlat organlari bilan ishni muvofiqlashtirayotganini maʼlum qildi.




