SpaceX Starship kemasini start minorasi yordamida tutib qolishga ilk urinishga tayyorlanmoqda
15-sinov parvozi davomida kompaniya ikkala bosqichni ham minoraga qaytarishni rejalashtirmoqda. Avval u Super Heavy tezlatkichini, soʻng orbital parvozdan keyin Starship kemasini tutib qolishga urinadi.

SpaceX Super Heavy Booster 22 tezlatkichini Texasdagi Starbase start maydonchasiga olib keldi. U Ship 42 kemasi bilan birga sinov parvoziga tayyorlanmoqda. Uchirish mahalliy vaqt bilan 13-noyabrdan oldin rejalashtirilmagan. AQSh Federal aviatsiya maʼmuriyati rejasidagi asosiy vaqt oynasi UTC boʻyicha 22:45 da, Toshkent vaqti bilan esa 14-noyabr soat 03:45 da ochiladi.
SpaceX avval ham Super Heavy tezlatkichlarini start minorasiga qaytarib, ularni minoraning mexanik tutqichlari bilan tutib qolgan. Boʻlajak parvozda kompaniya bu usulni ilk bor yuqori bosqich — Starship kemasiga nisbatan qoʻllashni rejalashtirmoqda. Dastlabki rejaga koʻra, kema qaytishidan oldin orbitada 22 soatdan koʻproq vaqt boʻladi.
Ikkala bosqichni ham start maydonchasiga qaytarish toʻliq qayta foydalaniladigan tizimni yaratish jarayonidagi bosqichlardan biridir. SpaceX tezlatkich va kemadan qayta foydalanish uchirishlar oraligʻidagi tayyorgarlik vaqtini qisqartirish hamda ularning narxini kamaytirish imkonini beradi, deb hisoblamoqda.




