Anthropic taxminan 1,4 trln dollarlik baholanish bilan IPOga tayyorlanmoqda
Anonim manbalarga tayangan xabarlarga koʻra, Anthropic 18-noyabr kuni IPO narxini belgilashi, ertasi kuni esa NASDAQda ANT tickeri ostida savdolarni boshlashi mumkin. Prognozlarga koʻra, debyut muvaffaqiyatli boʻladi, biroq aksiyalar keskin oshmaydi.

Anthropic AQSh bozorida aksiyalarini birlamchi joylashtirishga tayyorlanmoqda. Kutilayotgan narx diapazoni har bir aksiya uchun 70–78 dollarni, taklif hajmi esa 825 mln aksiyani tashkil etadi. Narx yuqori chegaraga yetgan taqdirda, kompaniya 64,35 mlrd dollar jalb qiladi, uning baholanishi esa taxminan 1,4 trln dollarni tashkil etadi.
Prospektda ikkinchi chorakda tushumning tez oʻsgani va operatsion foyda qayd etilgani koʻrsatilgan. Biroq uchinchi chorakda oʻsish surʼatlari pasaygan. Investorlarni modellarni oʻqitish, sotuvlar va marketing xarajatlarining koʻlami ham xavotirga solishi mumkin. Kompaniya hisoblash quvvatlariga ega boʻlish boʻyicha uzoq muddatli kelishuvlar tuzgan, biroq majburiyatlarning faqat bir qismi kafolatlangan.
Materialda Anthropic aksiyalari, xuddi SpaceX aksiyalari kabi, savdolar boshlanishida ehtimoliy sakrashdan soʻng sezilarli oʻsishni koʻrsatmasligi prognoz qilinadi. Yuqori baholanish va ommaga taklif etiladigan aksiyalar hajmining kichikligi amaldagi investorlarning aksiyalarni sotishiga qoʻyilgan cheklovlar tugaganidan keyin bosimni kuchaytirishi mumkin. Muallif xususiy investorlarni xaridga shoshilmaslikka chaqiradi: uning fikricha, bir necha choraklik hisobot eʼlon qilinganidan keyin aksiyalarni IPO narxiga yaqin narxda sotib olish imkoniyati hali ham boʻladi.




