SpaceX va xAI 72 ta Nvidia Rubin tezlatkichiga ega server shkafini ishlab chiqmoqda
Kessel loyihasida hisoblash modullari va kommutatorlarni kabel yigʻmalari oʻrniga 84 qatlamli plata orqali ulash rejalashtirilmoqda.

SemiAnalysis maʼlumotlariga koʻra, SpaceX va xAI Nvidia Vera Rubin NVL72 server platformasini asos qilib olgan. Server shkafi 72 ta Rubin grafik tezlatkichi, 36 ta Vera markaziy protsessori va toʻqqizta NVLink kommutator blokidan iborat konfiguratsiyasini saqlab qoladi.
Hisoblash modullari va kommutatorlar umumiy plataning qarama-qarshi tomonlariga joylashtiriladi. Bunday ulanish server shkafini yigʻishni soddalashtirishi mumkin, biroq plataning oʻzini ishlab chiqarish murakkab. Ichki qatlamlardan biridagi nuqson butun plataning yaroqsiz boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Tahlilchilarning maʼlumotlariga koʻra, SpaceX tezlatkichlar, protsessorlar, kommutatorlar va tarmoq komponentlarini Nvidiaʼdan toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olishni, qolgan detallarni esa tashqi yetkazib beruvchilarga buyurtma qilishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniyaga plata ishlab chiqaruvchilari va yigʻish boʻyicha hamkorlarni tanlashda koʻproq erkinlik beradi.
SemiAnalysis xabar berishicha, server shkafi yer ustidagi maʼlumotlar markazlari va orbitaga joylashtirish ehtimoli uchun loyihalashtirilmoqda. Kesselʼni ishga tushirish muddatlari hozircha aytilmagan.




