Mirziyoyevning Omanga tashrifi oldidan 5 mlrd dollarlik loyihalar boʻyicha kelishuvlar paketi tayyorlandi
Oʻzbekiston va Ummon Shavkat Mirziyoyevning 16–17 noyabr kunlari Maskatga davlat tashrifi davomida qiymati qariyb 5 mlrd dollar boʻlgan loyihalar va shartnomalar boʻyicha qariyb 30 ta hujjatni imzolashni rejalashtirmoqda.

Paket tayyorlangani haqida Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 15 noyabr kuni hukumatlararo komissiya yigʻilishida maʼlum qildi. Ertasi kuni Mirziyoyev Ummonga joʻnab ketdi. Tashrif dasturidan yuqori darajadagi muzokaralar va biznes vakillari bilan uchrashuvlar oʻrin olgan.
Qudratovning maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda oʻzaro savdo hajmi 2,3 mln dollarni tashkil etgan. 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 3,3 mln dollarga yetgan. Tomonlar uni yaqin yillarda 500 mln dollargacha yetkazishni maqsad qilgan. Muhokama qilinayotgan choralardan biri — preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitim. Muzokaralarni dekabrda boshlash taklif etildi, dastlabki bosqichda imtiyozlar 200 ta tarif pozitsiyasini qamrab olishi mumkin.
Oʻzbekiston Ummonga oziq-ovqat, meva-sabzavot, mis, alyuminiy, toʻqimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari yetkazib berishni koʻpaytirishdan manfaatdor. Ummon tomoni esa shakar, polimerlar, neft mahsulotlari, moylash materiallari va alyuminiydan tayyorlangan buyumlar importini oshirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Tomonlar 12 ta qoʻshma loyihani yakunlagan, yana 16 tasi amalga oshirilmoqda. Yigʻilishda Oʻzbekiston–Ummon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini 500 mln dollargacha oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Transport sohasida mamlakatlar logistika markazlarini tashkil etish va Markaziy Osiyodan Ummon portlariga olib boruvchi yoʻnalishlarni rivojlantirishni koʻrib chiqmoqda. Oʻzbekistonlik yetkazib beruvchilar ular orqali Fors koʻrfazi va Sharqiy Afrika bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishni kutmoqda.
Yigʻilish yakunida Qudratov va uning ummonlik hamkasbi Anvar bin Hilol al-Jabriy hamkorlik ustuvor yoʻnalishlari hamda kelishilgan tashabbuslar ustida ishlash tartibi belgilangan protokolni imzoladi.




