SpaceX Texasda $24 mlrdga gazda ishlaydigan AI superkompyuter qurmoqchi
Starbaseda SpaceXning boshlangʻich qiymati $24 mlrd boʻlgan gaz elektr stansiyasi va AI markazi loyihasi boʻyicha tinglovlar xabarnomasi eʼlon qilindi. Gubernator Jina Inoxosa qarshi chiqishi mumkin.

Majmuani hududining katta qismi SpaceXga tegishli boʻlgan va aholisining aksariyati shu kompaniyada ishlaydigan Starbase shahri hududida joylashtirish rejalashtirilmoqda. Obyekt ham SpaceXga tegishli boʻlishi kutilmoqda. Xabarnomada gaz elektr stansiyasi va hisoblash markazi haqida soʻz yuritilgan, biroq qurilish muddati hamda uning quvvati aniqlashtirilmagan.
Loyiha Jina Inoxosa lavozimiga kirishganidan keyin siyosiy qarshilikka duch kelishi mumkin. U saylovoldi kampaniyasi davomida Texas qonunchilik assambleyasi bunday obyektlarning ehtimoliy zararidan himoya qiluvchi qatʼiyroq choralarni qabul qilmaguncha, yangi maʼlumotlar markazlarini maʼqullashga qarshi chiqqan. Shu fonda Starbasedagi mahalliy eʼtirozlar SpaceXSI kompaniyasining Missisipi va Tennessi chegarasidagi maʼlumotlar markazlari atrofidagilarga qaraganda kamroq koʻzga tashlanishi mumkin. Bu hududlar aholisi koʻp sonli gaz turbinalari bilan bogʻliq ifloslanish sababli sudga murojaat qilgan.
Loyiha SpaceXning 2027 yilda 10 GVt hisoblash quvvatlarini yaratish rejalarining bir qismi sifatida koʻrilmoqda. Kompaniya $24 mlrd miqdoridagi summa faqat dastlabki bosqichlarga taalluqli ekanini va maydonni keyinchalik kengaytirishni ham oʻz ichiga olishi mumkinligini bildirgan.
Shu bilan birga, SpaceX maʼlumotlar markazlarini kosmosda joylashtirish ustida ham ishlamoqda. Ilon Mask avval hisoblash yuklamasi 150 kVtgacha boʻlgan sunʼiy yoʻldosh rejasini taqdim etgan va AQSh Federal aloqa komissiyasiga 1 mln sunʼiy yoʻldoshdan iborat orbital maʼlumotlar markazlari tizimini taklif qilgan. AQShdagi oraliq saylovlardan keyin u Xda kosmik maʼlumotlar markazlari tobora jozibador koʻrinayotganini yozgan.




