NASA talabalar uchun Oy bazasini yaratish tanlovini eʼlon qildi, sovrinlar — 1 mln dollar
NASA AQShdagi yuqori sinf oʻquvchilari va talabalar uchun tanlov ochdi: ular Oy bazasi yechimlarini taklif qiladi, umumiy sovrin jamgʻarmasi 1 mln dollar.

Ishtirokchilar jamoalarga birlashib, oltita yoʻnalishdan biri boʻyicha gʻoyalar ishlab chiqishi kerak: energetika, yashash modullari, aloqa, harakatlanish, hayotni taʼminlash tizimlari va astronavtlar xavfsizligi.
Tanlov bir necha bosqichda oʻtkaziladi. Avval jamoalar konsepsiyalarini taqdim etadi, keyin ularni takomillashtiradi. Finalchilar oʻz yechimlarini NASA rahbariyati va aerokosmik sohaning boshqa vakillariga shaxsan taqdim etishi mumkin. Agentlik Oyda baza qurish va undan foydalanish uchun hal qilinishi kerak boʻlgan amaliy vazifalar boʻyicha takliflar olishni kutmoqda.
NASA bunday vazifalar qatorida uzoq davom etadigan Oy tunida energiya ishlab chiqarish, odamlarni sirtning ogʻir sharoitlaridan himoya qilish, astronavtlar va uskunalarni koʻchirish, shuningdek, Yerdan uzoqda hayotni taʼminlashni sanaydi. NASA rahbari Jared Ayzekmanning soʻzlariga koʻra, tanlovda qatnashish talabalarga oʻqishni tugatmasdan turib agentlik uchun dolzarb vazifalar ustida ishlash imkonini beradi.
Tanlovda AQShda boʻlgan yuqori sinf oʻquvchilari va oʻrta taʼlimdan keyingi taʼlim muassasalari talabalari qatnashishi mumkin. Roʻyxatdan oʻtish 2027-yil 25-yanvargacha davom etadi. NASA toʻlaqonli Oy bazasi uzoq istiqboldagi maqsad boʻlib qolayotganini qayd etadi: agentlik 2027-yil oʻrtalarida Artemis III missiyasini yuborishni, shundan keyin esa Artemis IV doirasida Oy yuzasiga odamlarni qoʻndirishni rejalashtirmoqda. Avvalgi qoʻnish 1972-yilda Apollo dasturining yakuniy missiyasi vaqtida amalga oshirilgan.




