Oʻzbekistonda AES uskunalarini turk kompaniyalari ishtirokida ishlab chiqarish mumkin
Oʻzbekiston turk kompaniyalari bilan birinchi AES uchun uskunalar va butlovchi qismlarni mahalliylashtirishni muhokama qildi. Tashrif yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga dastlabki kelishdi.

World Atomic Days forumidan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyadagi tashrifini davom ettirib, «Akkuyu» AES qurilishida qatnashayotgan korxonalarga bordi. AVAS Group ofisida ishlab chiqarishlarni joylashtirish va «Atom-Sanoat» maxsus sanoat zonasiga yetkazib berishni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
VASTAŞ Valf zavodida atom stansiyalari uchun quvur armaturasi va yuritmalar, ASOS Proses korxonasida esa texnologik va muhandislik uskunalari ishlab chiqarilishi oʻrganildi. Delegatsiya «Akkuyu» AES xodimlari uchun uy-joy qurayotgan «Ozaltyn Holding» tajribasi bilan ham tanishdi.
AES maydonida delegatsiya birinchi energoblokni koʻzdan kechirdi. Qurilish ishlari yakunlangan, konturlarning gidravlik sinovlari va himoya qobigʻi tekshiruvlari oʻtkazilgan. Hozir blok reaktor qurilmasini sovuq va issiq sinovdan oʻtkazishga tayyorlanmoqda.
Silifkada delegatsiya AESlar uchun shamollatish va sovitish tizimlari hamda quvurlarni loyihalovchi, ishlab chiqaruvchi va montaj qiluvchi İncetcom quvvatlariga tashrif buyurdi. Uzatom maʼlumotiga koʻra, tomonlar hamkorlikni davom ettirish va kompaniyalarning Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirishdagi ishtirokini oʻrganishga dastlabki kelishuvga erishdi.




