47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Madaniyat

Sarmishsay petrogliflari UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kirishi mumkin

Oʻzbekiston xalqaro ekspertlar bilan Navoiy viloyatidagi Sarmishsay petrogliflarini UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritish nominatsiyasini tayyorlashni muhokama qildi.

16-noyabr, 16:54По-русски

Read in English

15 noyabr kuni Parijda Oʻzbekistonning UNESCO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi «Sarmishsay petrogliflari» nominatsiyasini tayyorlash masalasida onlayn uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston davlat organlari vakillari hamda Gʻarbiy Avstraliya universiteti arxeologiya professori, ICOMOSning qoyatosh sanʼati boʻyicha Xalqaro ilmiy qoʻmitasi prezidenti Benjamin Smit ishtirok etdi.

Sarmishsay Oʻzbekistondagi qoyatosh sanʼatining eng mashhur yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Uning petrogliflari turli tarixiy davrlarga mansub boʻlib, Markaziy Osiyo merosini oʻrganish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ishtirokchilar obyektni qoyatosh tasvirlarining madaniy qiymati va hududning tabiiy xususiyatlarini hisobga olgan holda aralash obyekt sifatida taqdim etish imkoniyatini koʻrib chiqdilar. Smit yodgorlikning tarixiy-madaniy salohiyati va allaqachon oʻtkazilgan tadqiqotlarning ahamiyatini qayd etdi. Shu bilan birga, aralash nominatsiyani asoslash uchun hududning tabiiy xususiyatlarini qoʻshimcha oʻrganish talab etiladi.

Uchrashuvda UNESCOning Butunjahon merosi toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablari, jumladan, boshqa obyektlar bilan qiyosiy tahlil, chegaralar va bufer hududlar, boshqaruv rejasi hamda petrogliflarni uzoq muddat saqlash choralari ham muhokama qilindi. Tomonlar ilmiy materiallar almashish, qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazish va ekspertlar tavsiyalarini hisobga olgan holda hujjatlar toʻplamini tayyorlashni davom ettirishga kelishib oldilar.

Avvalroq Sarmishsayning turistik va muhofaza infratuzilmasi uchun davlat budjetidan 4,2 milliard soʻm ajratilgan edi. Ushbu mablagʻ hisobidan ikkita kirish joyi, axborot markazlari va petrogliflarga olib boruvchi 2,5 kilometrlik yoʻlak barpo etildi, shuningdek, soyabonlar, yoritish va videokuzatuv tizimi oʻrnatildi. Yana 1,2 milliard soʻm tashrif buyuruvchilar markazi va nazorat punktiga yoʻnaltirildi.