Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Parkentga yangi temiryoʻl yoʻnalishini sinab koʻrdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni elektropoyezdda Toshkentdan Parkent tumaniga bordi. Yoʻnalish yangi liniya qurilgach, sentyabrda ishga tushirilgan.

Oʻzbekistonda 20 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Toshkentdan Parkent tumaniga yoʻl oldi. Yoʻnalish uzunligi 24 kilometr boʻlgan Baytkurgan — Parkent elektrlashtirilgan liniyasi qurilgach tashkil etildi. Loyihaga 535,4 milliard soʻm yoʻnaltirildi.
Yoʻnalishning umumiy uzunligi 57,6 kilometrni tashkil etadi. Unda 586 yoʻlovchiga moʻljallangan olti vagonli «EP3D» poyezdi qatnaydi. Parkentga borish 1 soat 13 daqiqa davom etadi, chipta narxi 10 ming soʻm. Hukumat maʼlumotiga koʻra, bu taksida oʻrtacha safar narxidan 2,5 baravar arzon.
Yoʻnalish kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yoʻlovchi tashishi mumkin. Vagonlarda iqlim nazorati, USB portlari, bepul Wi-Fi, elektron tablol displaylari va velosipedlar uchun moslamalar mavjud. Nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar uchun koʻtarish moslamalari va maxsus joylar ajratilgan.
Parkent stansiyasida prezident temiryoʻl infratuzilmasini rivojlantirishni davom ettirish, vokzallarda xizmat koʻrsatish va yoʻlovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tashish samaradorligini oshirish hamda tutash hududlarni obodonlashtirishni topshirdi. Safar davomida Toshkent viloyatida qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati salohiyatini kamida ikki baravar oshirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.




