Metaʼning Muse SI agenti suhbatlarni aralashtirib, shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qildi
Meta xodimlarining aytishicha, Muse SI agenti ayrim hollarda turli akkauntlar maʼlumotlarini aralashtirib yuborgan va foydalanuvchilarga boshqa odamlarning shaxsiy maʼlumotlarini koʻrsatgan. Bu haqda Reuters surishtiruvida maʼlum qilindi.

Reuters Metaʼning ichki yozishmalarini oʻrganib chiqdi. Ularda xodimlar Museʼdagi nosozliklarni tasvirlagan. Ularning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilar farzandlar haqida soʻrovlar, karyera boʻyicha maslahatlar va oʻzlari bermagan buyurtmalarni, shuningdek, boshqa odamlarga tegishli bank hisobvaraqlaridagi qoldiqlarni koʻrgan.
Holatlardan birida agent ob-havo va suv toʻlqinlari haqidagi yozishmaga boshqa odamga tegishli Capital One va Charles Schwab hisoblari maʼlumotlari tushirilgan xabarni qoʻshgan. Yana bir xodimaning shaxsiy telefonidagi Muse unga uchidan uchigacha shifrlangan Signal ilovasida singlisiga javob berishni eslatgan. U hamkasblariga agentga boshqa ilovalardan foydalanish huquqini bermaganini va undan bu haqda soʻrashganini eslamasligini yozgan.
Muse sentyabr oyida ishga tushirilgan. Ilova 10 milliondan ortiq marta yuklab olingach, eng tez oʻsayotgan ilovalardan biriga aylandi. Meta izoh soʻrab yuborilgan murojaatga darhol javob bermadi.




