Oʻzbekiston va Global Olive Corporation zaytun yetishtirishni rivojlantirmoqchi
Oʻzbekiston va Global Olive Corporation zaytun yetishtirish va qayta ishlash, jumladan yogʻ ishlab chiqarish hamda mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni kengaytirmoqchi.

Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Global Olive Corporation bosh direktori Georgiy Svanidze bilan uchrashdi. Tomonlar Oʻzbekistonda zaytunchilikni rivojlantirishni muhokama qilib, qoʻshma loyihani yangi bosqichga olib chiqish uchun hamkorlikni davom ettirishga kelishdi.
Ustuvor yoʻnalishlardan biri — zaytun yetishtirishdan tortib uni qayta ishlash va tayyor mahsulot chiqarishgacha boʻlgan ishlab chiqarish zanjirini yaratish. Uchrashuv ishtirokchilari zaytun moyi ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, sifat nazorati va xalqaro bozorlarga chiqish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Kadrlar tayyorlash masalasi ham alohida muhokama qilindi. Rejalarga koʻra, yosh agronomlar va xorijiy mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ekinlarni yetishtirishga ilmiy yondashuvni qoʻllash koʻzda tutilgan. Hamkorlikning amaliy yoʻnalishlari koʻchatlar yetkazib berish, agrotexnologik koʻmak koʻrsatish va mutaxassislarni oʻqitishni oʻz ichiga oladi.




