Demokratlarning saylovdagi gʻalabasi AQSh energetikasini qanday oʻzgartirishi mumkin
AQSh Kongressining har ikki palatasida koʻpchilikni qoʻlga kiritgan demokratlar toza energetika uchun imtiyozlarni qaytarish va maʼlumotlar markazlari ustidan nazoratni kuchaytirishga erishishga urinishi mumkin. Shu bilan birga, TD Cowen energetika loyihalariga ruxsat berish tizimini isloh qilish ehtimoliga bergan bahosini 40 foizdan 25 foizgacha pasaytirdi.

OilPrice yozishicha, prezident Donald Tramp oʻzi rozi boʻlmagan qonun loyihalariga veto qoʻyishini aytgan. Vetoni yengib oʻtish uchun demokratlarga respublikachilarning koʻmagi kerak boʻladi. Kongressning yangi tarkibi budjetga taʼsir koʻrsatishi va hukumat maʼmuriyatining Venesuela hamda Rossiya bilan energetika boʻyicha kelishuvlarini ham oʻz ichiga olgan masalalar yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazishi mumkin.
Shtatlar darajasida saylov natijalari maʼlumotlar markazlari qurilishiga taʼsir qilishi mumkin. Yirik loyihalar rejalashtirilgan Texas, Jorjiya va Ogayo shtatlarida Demokratik partiyadan nomzodlar gʻalaba qozondi. Nashr bahosiga koʻra, yangi gubernatorlar elektr energiyasiga talabning oshishi xonadonlar uchun toʻlovlarni koʻpaytirishi mumkinligidan xavotirlar fonida qurilish shartlarini qayta koʻrib chiqishi ehtimol.
Neft-gaz kompaniyalari va qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaruvchilari ruxsatnomalar berilishini tezlashtirishni qoʻllab-quvvatlamoqda. Kelishmovchiliklar islohotdan qaysi loyihalar foyda koʻrishi masalasiga taalluqli. Demokratlarning bir qismi taklif etilgan qonun loyihasi neft-gaz sohasiga ustunlik berishini hisoblaydi. Shunga qaramay, Wood Mackenzie tahlilchilari partiyalararo murosa ehtimolini koʻrmoqda.
Eron masalasida Kongressning yangi tarkibi egallaydigan pozitsiya ham neft bozoriga taʼsir qilishi mumkin. Rystad Energy bahosiga koʻra, demokratlarning budjet ustidan nazorati Oq uyga Hormuz boʻgʻozi boʻyicha kelishuv tuzish foydasiga bosimni kuchaytiradi. Tahlilchilar Yaqin Sharqdan neft yetkazib berishni meʼyorlashtirish uchun kemalar qatnovini tiklash zarur shart, deb hisoblaydi.
Yana oʻqing

Senatda “Radioaktiv chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi
Siyosat12:47
Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston mavsumiy suv va elektr energiyasi almashinuvini muvofiqlashtiradi
Siyosat10:10

