Vashingtonda Mirziyoyev Trampga sovgʻa qilgan oʻzbek ayvonlari oʻrnatildi
Vashingtondagi Uest-Potomac bogʻida Mirziyoyev Tramp va AQSh xalqiga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovgʻa qilgan ayvonlar oʻrnatildi.

AQShning Vashington shahridagi tarixiy Uest-Potomac bogʻi hududiga anʼanaviy oʻzbek ayvonlari oʻrnatildi. Bu haqda Oʻzbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidikov Instagramʼda maʼlum qildi.
Sovgʻa Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan AQSh prezidenti Donald Tramp va Amerika xalqiga Qoʻshma Shtatlar mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan taqdim etilgan. Sidikov Trampga sovgʻani Amerika xalqi nomidan qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Elchining soʻzlariga koʻra, marosim vaqtida prezident vertolyoti bogʻ uzra uchib oʻtgan. U bu lahzani Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi doʻstlik hamda strategik sheriklikni aks ettiruvchi ramziy voqea deb atadi.
Ayvonlar oʻzbek milliy meʼmorchiligi va hunarmandchilik sanʼati anʼanalaridan foydalangan holda yaratilgan. Ular Vashington aholisi va mehmonlariga Oʻzbekiston madaniyati, meʼmorchiligi hamda xalq anʼanalari bilan tanishish imkonini beradigan maskanga aylanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, ayvonlardan AQShdagi oʻzbek diasporasi vakillari uchrashuvlari va madaniy tadbirlarni oʻtkazishda foydalanish rejalashtirilmoqda. Ular milliy anʼanalarni asrab-avaylash va vatandoshlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kerak.




