Entuziast qattiq yoqilgʻili raketani yigʻib, uchirdi: u 9 km balandlikka koʻtarildi
Amerikalik entuziast va YouTube blogeri Jo Barnard oʻzi yasagan raketani taxminan 9,1 km balandlikka uchirdi. Tizimdagi nosozlik sabab raketaning qoʻnishini tasvirga olishning imkoni boʻlmadi.

Barnard raketa va boshqaruv tizimini mustaqil ravishda ishlab chiqdi. Korpusning yuqori qismi toʻqqiz qatlam shisha tolali materialdan tayyorlangan, pastki qismi esa uglerod tolali quvur bilan mustahkamlangan. Qattiq yoqilgʻili dvigatel taxminan 2300 N tortish kuchini hosil qilgan, yoqilgʻi aralashmasini ham entuziastning oʻzi tayyorlagan.
Raketa trayektoriyasining eng yuqori nuqtasiga yaqinlashganda kamera oʻrnatilgan kapsulani chiqarib yubordi. Fluctus kompyuteri tezlik, bosim va balandlikni oʻlchagan, shuningdek kamerani ishga tushirish va parashyutlarni ochish uchun javob bergan. Barnard GoPro Hero 12 kamerasini qismlarga ajratib, teskari holatda 3D-printerda tayyorlangan korpusga oʻrnatgan.
Kapsula ajralgandan keyin dumalab ketmasligi uchun unga giroskop va aylanuvchi maxovik oʻrnatilgan. Qaytish uchun tormozlovchi streamer va GPS-treker koʻzda tutilgan. Kamera parashyutlar taxminan 9 km balandlikda ochilganini tasvirga olgan.
Biroq Fluctus bosimdagi tebranishlarni avariyaviy qulash alomatlari deb xato baholab, favqulodda holat ssenariysini muddatidan oldin ishga tushirgan. Kapsula va parashyut mexanizmlari raketa hali soatiga 1127 km dan yuqori tezlikda uchayotgan paytda ishga tushgan. Aerodinamik yuklamalar parashyutni yirtib yuborib, uni yuqori qismdan uzib ketgan. Kamera butun qolgan va uchirish maydonchasidan taxminan 350 metr uzoqlikda topilgan.




