Tesla Berlin yaqinida Cybercab robotaksilarini ishlab chiqarishga €3 mlrd sarflaydi
Tesla zavodi rahbari Andre Tirig Germaniyada 2029-yildan boshlab yiliga 1 mln donagacha haydovchisiz Cybercab ishlab chiqarish uchun korpus qurish rejasini eʼlon qildi.

Yangi korpus Teslaʼning amaldagi korxonasidan shimolroqda joylashtirilishi rejalashtirilmoqda. Eʼlon qilingan qiymatga yordamchi binolar va oqova suvlarni tozalashning ikkinchi tizimi ham kiradi. Kompaniya qurilish uchun arizani yil oxirigacha topshirishni, ishlarni 2027-yilning birinchi yarmida boshlashni, ishlab chiqarishni esa 2029-yilda yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.
Avtomatlashtirish boʻyicha muhandis Stiven Sholtisekning aytishicha, loyihani Ilon Mask maʼqullagan. Tesla boʻlajak obyektni kompaniyaning eng texnologik zavodi deb atamoqda. U hozir faqat Model Y ishlab chiqarayotgan amaldagi korxonadan kattaroq boʻlishi kerak.
Maydonni kengaytirish Giga Berlin uchun rasmiylashtirilgan ruxsat beruvchi hujjatlarda hali avvaldan nazarda tutilgan edi. Loyiha uchun yangi jihat ishlab chiqarish koʻlami emas, balki mahsulotning oʻzi boʻladi: Tesla avval ikkinchi korpusda robotaksilar yigʻilishini aniqlashtirmagan edi.
Rejalar Yevropadagi tartibga solish cheklovlariga duch kelmoqda. Yevropa Ittifoqida haydovchisiz avtomobillarni hozircha faqat kichik seriyali ishlab chiqarish qoidalari asosida sertifikatlash mumkin. Niderlandiyaning RDW regulyatori Teslaʼga faqat haydovchi nazoratidagi tizimga ruxsat berdi. Cybercab rul va pedallar bilan jihozlanmagan, shu bois unga avtonomiyaning toʻrtinchi darajasiga mansub avtomobil sifatida alohida sertifikat kerak boʻladi. Tesla esa Yevropada hali bunday sertifikatsiyadan oʻtmagan.
AQShdagi dastur ham cheklangan rejimda ishlamoqda: robotaksilar geozonalar ichida harakatlanadi, avtomagistrallarga chiqmaydi va allaqachon avariyalarga uchragan. Texasda Tesla Cybercab uchun buyurtmalarni qabul qilishni boshladi, biroq avtomobildan hozircha faqat Robotaxi zonalari hududida foydalanish mumkin.




