Soʻrovda qatnashgan bolalarning 13 foizi internetdagi tazyiqqa duch kelganini aytdi — ota-onalar bundan ancha kam hollarda xabar topadi
Kaspersky laboratoriyasi tadqiqoti bolalarning tajribasi bilan kattalarning xabardorligi oʻrtasidagi tafovutni koʻrsatdi: voyaga yetmagan ishtirokchilarning 13 foizi kiberbullingga duch kelganini bildirgan, oʻz farzandiga nisbatan tazyiq boʻlganini esa soʻrovda qatnashgan ota-onalarning atigi 3 foizi bilgan.

«Kattalar va bolalar internetda» hisobotining natijalari bilan Toshkentda boʻlib oʻtgan Kaspersky CyberSecurity Weekend 2026 konferensiyasida tanishildi. Kompaniya izohiga koʻra, tadqiqot Rossiyada 2025-yil noyabr oyida 6 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalar va ularning ota-onalari oʻrtasida oʻtkazilgan. Keltirilgan koʻrsatkichlar aynan shu soʻrov ishtirokchilariga taalluqli.
Kattalar farzandlariga nisbatan sodir etilgan tazyiq holatlaridan xabar topgan vaziyatlarda eng koʻp uchragan shakl ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratli xabarlar va izohlar boʻlgan. Bunday holatlardan xabardor ota-onalarning 69 foizi aynan shu turdagi tazyiqni qayd etgan.
Ota-onalarning ushbu guruhidagi 28 foiz respondent bola qasddan eʼtiborsiz qoldirilganini bildirgan. Yana 22 foizdan soʻrov qatnashchilari kamsituvchi tasvirlar va shaxsiy maʼlumotlarni roziliksiz tarqatish holatlarini koʻrsatgan. Javoblarning 14 foizida sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan qalbaki fotosurat yoki videolardan, yaʼni dipfeyklardan foydalanilgan tazyiq tilga olingan.
Shu bilan birga, kiberbullingga duch kelgan bolalarning uchdan biridan koʻprogʻi — 36 foizi — umuman yordam soʻramagan. Muammo haqida ota-onasi yoki boshqa qarindoshlariga 45 foiz, doʻstlariga 20 foiz, oʻqituvchilariga esa 10 foiz bola aytgan. Yana 6 foiz bola mutaxassislarga murojaat qilgan, 6 foiz bola esa yordam olish uchun sunʼiy intellektdan foydalangan.
2024-yilgi maʼlumotlar bilan taqqoslash oʻzgarishlar turlicha yoʻnalishda boʻlganini koʻrsatdi. Internetdagi tazyiqqa duch kelmaganini bildirgan bolalar ulushi 72 foizdan 84 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, boshqa foydalanuvchilarni oʻzi xafa qilganini tan olganlar ulushi 1 foizdan 3 foizgacha koʻpaygan.
Kaspersky laboratoriyasining bolalar onlayn xavfsizligi yoʻnalishi rahbari Andrey Sidenko tazyiqqa duch kelmagan bolalar sonining koʻpayishi profilaktika hamda ota-onalar va pedagoglarning eʼtibori foyda berayotganidan dalolat berishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, u bolalarni nafaqat tajovuzdan himoyalanishga, balki internetda boshqalar bilan hurmat asosida muloqot qilishga ham oʻrgatish zarurligini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda ham voyaga yetmaganlarni himoya qilish masalalari parlament kun tartibidan oʻrin olgan. Qonunchilik palatasi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga 2026–2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini amalga oshirish, jumladan, jabrlangan bolalarga psixologik yordam koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha soʻrov yubordi.




