AQSh Xitoy, Rossiya va Eronning xorijdagi bulutli xizmatlar orqali sunʼiy intellekt chiplariga kirishini qatʼiyroq nazorat qiladi
AQSh Savdo vazirligi Xitoy, Rossiya, Eron va cheklovlar qoʻllanadigan boshqa yurisdiksiyalardagi kompaniyalarga katta hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan maʼlumotlar markazlariga ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini yetkazib berish ustidan eksport nazoratini kengaytirmoqda.

Yangi talablar AQSh eksport cheklovlari tatbiq etiladigan mamlakatlardagi kompaniyalarning Amerika hisoblash quvvatlaridan foydalanishini qiyinlashtirishi kerak. Gap, jumladan, Nvidia Blackwell chiplar va superintellekt tizimlari uchun serverlar haqida bormoqda.
Xorijdagi maʼlumotlar markazlari mijozlarning ishonchliligini tekshirishga majbur qilinadi. Xitoy, Rossiya va Eronda bosh qarorgohiga ega kompaniyalarga katta hajmdagi hisoblash quvvatlarini taqdim etadigan platformalar uchun ham cheklovlar joriy etiladi. AQSh maʼmuriyati hisob-kitobiga koʻra, bu Amerika chiplaridan foydalanib, ilgʻor sunʼiy intellekt modellarini oʻqitishni qiyinlashtirishi kerak.
Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand yoki Braziliyada bosh qarorgohiga ega kompaniyalar ilgʻor chiplarni faqat eksport litsenziyasi boʻlgan taqdirdagina olishi mumkin. AQSh rasmiylari bu mamlakatlarda kontrabanda xavfi odatdagidan yuqori, deb hisoblaydi. Yangi qoida Xitoy kompaniyalari Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi maʼlumotlar markazlarida quvvatlarni ijaraga olgan sxemaga barham berishi kerak.
Reglament amerikalik tergovchilar Singapurning Megaspeed bulutli kompaniyasini tekshirayotgan paytda paydo boʻldi. Ular kompaniya xitoylik mijozlarga eksport nazorati ostidagi Nvidia chiplarini olishda yordam bergan-bermaganini tekshirayotgan edi. Megaspeed chiplarni Xitoyga yetkazib bergani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Nvidia kompaniyasining hammuassisi Jensen Huang oʻtgan hafta Megaspeed kompaniyasining sobiq rahbari Alice Huang bilan nikohdan tashqari munosabatini tan olganidan keyin bosh direktor lavozimini tark etdi. Alice Huang Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinmoqda, biroq Huanglar qarindosh emas.
AQShning yangi qadami prezident Donald Trumpning iqtisodiy sammitda qatnashish uchun Xitoyga safaridan bir necha kun oldin amalga oshirildi. U yerda Trump XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashishi kerak.




