Norvegiya 16 noyabrdan rossiyalik va belaruslik sportchilar kirishini cheklaydi
Norvegiya hukumati 16 noyabrdan rossiyalik va belaruslik professional sportchilarning kirishini cheklaydi. Ularni chiqarib yuborish haqidagi koʻrsatma allaqachon kuchga kirgan.
Norvegiya Adliya va jamoat xavfsizligi vazirligi Chet elliklar ishlari boshqarmasi va politsiyaga Rossiya, Belarus yoki neytral bayroq ostida qatnashayotgan rossiyalik va belaruslik professional sportchilarni, shuningdek ularga hamrohlik qiluvchi xodimlarni chiqarib yuborishni topshirdi. Koʻrsatma darhol kuchga kirdi.
Yangi qoidalar Shengen hududidagi mamlakatda amaldagi yashash huquqiga ega Rossiya va Belarus fuqarolariga nisbatan qoʻllanmaydi: bu ularning mamlakatga kirishi yoki unda yashashini rad etish uchun asos hisoblanmaydi. Immigratsiya idoralari tomonidan allaqachon koʻrib chiqilayotgan viza arizalari yangi koʻrsatmalar asosida baholanadi.
4–6 dekabr kunlari Norvegiyaning Trondxeym shahrida changʻida yugurish boʻyicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi oʻtkazilishi kerak.




