47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekistonda Britaniya universitetlari soni oshishi mumkin

Oʻzbekistonda 12 ga yaqin Britaniya OTM faoliyat yuritmoqda, yaqin besh yilda ular soni oshishi mumkin, dedi British Council bosh direktori Skott Makdonald.

17-noyabr, 11:41По-русски

Read in English

Britaniya universitetlari mamlakatda filiallar, franchayzing dasturlari va bitiruvchilarga qoʻsh diplom beradigan qoʻshma loyihalar orqali faoliyat yuritmoqda. Makdonaldning aytishicha, kengayish universitetlarning jozibador dasturlar taklif qila olishi va akademik sifatning yuqori darajasini saqlab qolishiga bogʻliq boʻladi.

U, shuningdek, Oʻzbekiston universitetlarining Buyuk Britaniyada vakolatxonalar ochishini qoʻllab-quvvatladi. Uning baholashicha, bu ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashi mumkin. Britaniyalik talabalarni jalb eta oladigan yoʻnalishlardan biri esa tadbirkorlikdir.

Makdonald hamkorlik istiqbollari haqida British Councilning Oʻzbekistondagi faoliyatiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan soʻzladi. 1996 yildan buyon uning dasturlaridan 1,7 mln nafardan ortiq kishi bevosita foydalangan, tashkilotning Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyadagi tashabbuslari esa 42 mln nafardan ortiq kishini qamrab olgan.

Hozir British Council universitetlar va davlat organlari bilan taʼlim sifati, boshqaruv, inklyuzivlik hamda internatsionalizatsiya masalalarida hamkorlik qilmoqda. Tashkilot, shuningdek, oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanishini, oʻquv dasturlarini yangilashni hamda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Yubiley tadbirlari doirasida British Council yangi stipendiyalar va madaniy loyihalar haqida eʼlon qiladi. Amaldagi dasturlar qatorida Oʻzbekistondagi ayollar uchun moʻljallangan Women in STEM dasturi ham bor: u Britaniya universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bir yillik magistrlik darajasini olish imkonini beradi. Har bir stipendiya miqdori kamida £40 mingni tashkil etadi. 2026 yilda tashkilot ingliz tilini oʻrganishning taʼlim, bandlik va boshqa imkoniyatlarga taʼsiriga bagʻishlangan Economic Value of English tashabbusini ham ishga tushirdi.