Tim Hortons foydalanuvchi maʼlumotlarini Isroil armiyasi bilan bogʻliq firmaga uzatishda ayblandi
Kanadalik huquq himoyasi guruhi Tim Hortons ilovasi Isroilning 8200-boʻlinmasi bitiruvchilari asos solgan Forter kompaniyasiga foydalanuvchi maʼlumotlarini uzatishini bildirdi.

Canadians for Justice and Peace in the Middle East (CJPME) Kalgarri universiteti tadqiqotchisi Joel Reardon materiallarini oʻrganib, Forter ilovadan maʼlumot olayotganini aniqladi. Uning maʼlumotlariga koʻra, ilova ishga tushirilishi bilanoq axborotni xorijiy kompaniyaga uzata boshlaydi.
Maʼlumotlar roʻyxatiga qurilmaning noyob identifikatorlari, kamera va sensorlar haqidagi maʼlumotlar, qoʻngʻiroq hamda budilnik ohanglari nomlari, shuningdek, yaqin atrofdagi Wi-Fi routerlari nomlari kiradi. Tadqiqotchilar fikricha, bu qurilmaning raqamli profilini yaratish va foydalanuvchi joylashuvini aniqlash imkonini beradi.
Tim Hortons maʼlumotlarni marketing yoki reklama uchun emas, firibgarlikning oldini olish, akkauntlarni himoyalash va toʻlovlardagi suiisteʼmollarga qarshi kurashish uchun yigʻishini bildirdi. Kompaniya, shuningdek, na oʻzi, na maʼlumotlarni oluvchi uchinchi tomon foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini sotmasligini aytdi.
Forter kompaniyasiga Isroilning radioelektron razvedka va kiberurush uchun masʼul 8200-boʻlinmasining sobiq xodimlari Maykl Raytblat, Liron Damri va Alon Shemesh asos solgan. Kompaniya ehtimoliy firibgarlik operatsiyalarini aniqlashda mashinaviy oʻqitishdan foydalanishini bildiradi. CJPME Tim Hortonsni Forter bilan hamkorlikni darhol toʻxtatishga chaqirdi.




