Oʻzbekiston Ummon kompaniyalari bilan mis uchastkalarini oʻzlashtirish va minerallar boʻyicha hamkorlikka kelishib oldi
Oʻzbekiston va Ummonning Mineral Development Oman kompaniyasi istiqbolli mis uchastkalarini birgalikda oʻzlashtirishga kelishib oldi. Al Tasnim Group bilan esa kritik ahamiyatga ega minerallar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Muzokaralar Shavkat Mirziyoyevning Ummonga davlat tashrifi chogʻida boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi toʻrtta kompaniya — Mineral Development Oman, Al Tasnim Group, MB Holding va Al Kalbani Group vakillari bilan uchrashdi.
Mineral Development Oman bilan kelishuv Oʻzbekiston hududidagi mis uchastkalariga taalluqli. Al Tasnim Group bilan tuzilgan bitim sanoat uchun kritik ahamiyatga ega minerallar boʻyicha hamkorlikni nazarda tutadi. Xabarda uchastkalarning nomlari, kutilayotgan investitsiyalar hajmi va loyihalarni amalga oshirish muddatlari oshkor etilmagan.
MB Holding va Al Kalbani Group bilan uchrashuvlarda tomonlar togʻ-kon sanoati va geologiyaga investitsiya kiritish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi. Shuningdek, ehtimoliy qoʻshma loyihalar muhokama qilindi. Bu ikki kompaniya bilan bitimlar imzolangani haqida hozircha xabar berilmagan.




