Toshkent aeroportida telefonlarni rasmiylashtirishni bojxona vaqtincha toʻxtatdi
Bojxona qoʻmitasi xorijdan Toshkent aeroporti orqali olib kirilayotgan mobil qurilmalarni rasmiylashtirishni vaqtincha toʻxtatdi. Idora IMEI tekshiruvi va qurilmalar qonuniy olib kirilganini tasdiqlash tartibiga aniqlik kiritmoqda. Rasmiylashtirish qachon qayta boshlanishi hozircha maʼlum qilinmagan.

Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, bojxonachilar IMEI — mobil qurilmalar identifikatorlari — almashtirilgan holatlarni tobora koʻproq aniqlamoqda. 2026 yil boshidan buyon «Toshkent-AERO» bojxona majmuasi noqonuniy olib kirish bilan bogʻliq 185 ta holatning oldini oldi. Bu holatlarda umumiy qiymati 8,8 mlrd soʻmlik 1 185 ta qurilma haqida soʻz borgan (taxminan 735 ming dollar).
Bojxona qoʻmitasi boshqa idoralar bilan tekshiruvning yagona tartibini kelishmoqda. Jumladan, bojxonachilar ikkala IMEI ham bitta telefonga tegishlimi va bu identifikatorlar avval mobil tarmoqlarda ishlatilganmi, shuni aniqlashi kerak. Tartib kelishib olingach, rasmiylashtirishni qayta boshlash rejalashtirilmoqda.
Telefonlarni rasmiylashtirish masalalari boʻyicha hamda ehtimoliy korrupsiya haqida xabar berish uchun Bojxona qoʻmitasining 11-08 raqamli ishonch telefoni kecha-yu kunduz ishlaydi.




