47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekistonda bolalarni maktabga majburiy tayyorlash joriy etiladi

Olti yoshli bolalarni bir yil majburiy tayyorlash haqidagi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi. 2027-yildan qamrov 100 foizga yetkaziladi, darslar xususiy muassasalarda ham bepul boʻladi.

19-noyabr, 15:05По-русски

Read in English

Kelasi yili olti yoshga toʻladigan bolalar soni 905 mingdan oshadi. Toʻliq qamrov uchun vazirlik 800 ta guruh ochishni rejalashtirmoqda. Ular asosan Qoraqalpogʻiston, Toshkent va Fargʻona viloyatida tashkil etiladi. Qoʻshimcha xarajatlar dastlab 21,9 mlrd soʻmga baholanmoqda: pedagoglar maoshi budjetdan toʻlanadi, binolar va jihozlar esa mahalliy hokimiyatlar jalb etilgan holda taʼminlanadi.

Tayyorgarlik yili taklif etilayotgan 12 yillik taʼlim tizimining bir qismiga aylanadi, biroq alohida 12-sinf boʻlmaydi: shundan soʻng bolalar 1-sinfdan 11-sinfgacha oʻqishni davom ettiradi. Mashgʻulotlar bogʻchalar, maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlarda oʻtkazilishi mumkin. Dastur va nazorat taʼlim tizimida qoladi, kurs yakunida sertifikatlar beriladi.

Vazirlikning bildirishicha, tayyorgarlik muassasa turidan qatʼi nazar, jumladan xususiy bogʻchalarda ham bepul boʻladi. Pulli qoʻshimcha xizmatlar saqlanib qoladi. Deputatlar ikkinchi oʻqishga qadar ota-onalarning majburiyatini aniqlashtirish va moliyaviy-iqtisodiy asos taqdim etishni taklif qildi. Vazirlik, shuningdek, bu model xorijiy oliygohlarga kirishga xalaqit bermasligi kerak, deb hisoblaydi.